O‘zbekiston va Eron milliy termalari o‘rtasidagi 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yin oldidan har ikki jamoa murabbiylari matbuot anjumanida ishtirok etdi. Zalga birinchi bo‘lib forslar ustozi Karlush Keyrush shogirdi Mas’ud Shojaiy bilan kirib keldi.
“Toshkentga Eron murabbiyi sifatida uchinchi marta keldim. Ertaga guruhdagi eng yaxshi jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Bizdan kutilayotgan natijani Eronga olib borishga harakat qilamiz”, — deb gap boshladi Karlush Keyrush.
Eron yetakchilari bo‘lgan Ashkan Dejaga va Alirizo Jahonbahshning jarohati maydonga tushishga to‘sqinlik qilishi mumkin edi. Bu boradagi savolga Keyrush shunday javob berdi:
“Jarohatlar futbolning ajralmas qismi. Bizda Dejaga va Jahonbahshdan ham mashhurroq yulduz bor: jamoa. Menda eronliklar uchun yaxshi, O‘zbekiston uchun yomon xabar bor: ertaga bu ikki futbolchi maydonga tushish uchun tayyor”.
“Eronda bugunga kelib futbolchilar borasida muammo yo‘q. Terma yildan-yilga o‘sib bormoqda. Men unga kelganimda 1 nafar futbolchi Yevropada o‘ynardi, hozir esa 11 nafar”, — dedi portugaliyalik mutaxassis.
O‘zbekiston — Eron o‘yini 6-oktabr kuni 18:00 da — “Bunyodkor” stadionida start oladi.
Izoh (0)