Forbes jurnali eng boy amerikaliklar ro‘yxatini taqdim etdi. Bu safargi reytingda umumiy boylik miqdori rekord darajaga yetgani qayd qilindi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Birinchi o‘rinni Microsoft asoschisi Bill Geyts saqlab qoldi. Uning boyligini Forbes 81 milliard dollarga baholadi.
Ikkinchi o‘rinda 67 milliard dollar ko‘rsatkich bilan Amazon asoschisi Jef Bezos turibdi. U bir yil davomida hammadan ko‘proq pul ishlab topdi va shu bois ikkinchi qatorga ko‘tarildi. Shu tariqa, u 15 yil davomida ikkinchi bo‘lib turgan Berkshire Hathaway xoldingi asoschisi Uorren Baffetni uchinchi pog‘onaga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
To‘rtinchi natijani 55,5 milliard dollar ko‘rsatkich bilan Facebook asoschisi Mark Sukerberg qayd qildi. Oracle asoschisi Larri Ellison esa 49,3 milliard dollar bilan 2007-yildan buyon birinchi marta beshinchi o‘rinni egalladi.
Forbes’ning qayd qilib o‘tishicha, 400 eng boy amerikalik rekord darajadagi boylikka ega bo‘ldi. Ularning umumiy davlati 2,4 trillion dollarga yetdi. Ro‘yxat ishtirokchilarining o‘rtacha boyligi — 6 milliard dollar.
Reytingga kirish uchun minimal chegara etib 1,7 milliard dollar belgilandi. 153 milliarder, mualliflarning yozishicha, “eksklyuziv klubga kirish uchun kambag‘allik qildi”.
Izoh (0)