Futbol bo‘yicha Yevropa Ligasida 29-sentabr kuni guruh bosqichining 2-tur bellashuvlariga yakun yasaldi.
Joze Mourinyo boshchilik qilayotgan Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi turnirdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “Old Trafford”da Ukrainaning “Zarya” klubini qabul qilgan “qizil iblislar” Zlatan Ibrahimovichning 69-daqiqadagi yagona goli evaziga muvaffaqiyat qozondi. 2-turdan keyin 3 ochkosi bor “Yunayted” 3-o‘rin bo‘lib turibdi.
Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi bir tur avval Isroilda irodali g‘alabani qo‘lga kiritgandi, bu safar piterliklar Gollandiyaning “AZ Alkmaar” klubi darvozasiga javobsiz 5 ta gol urdi. 2-turdan keyin “Zenit” 6 ochko bilan yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi.
“E” guruhi ishtirokchisi hisoblangan Rimning “Roma” klubi ochkolari sonini 4 taga yetkazib, guruh peshqadamiga aylandi. “Astra”ni qabul qilgan Luchanno Spalleti jamoasi 4:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
“F” guruhidagi har to‘rt jamoa hisobida 3 tadan ochko bor. “Atletik” o‘z maydonida “Rapid”ni 1:0 hisobida yengdi, ispan klubini 1-tur yirik hisobda mag‘lub etgan “Sassuolo” esa “Genk” maydonida muvaffaqiyatsizlikka uchradi — 1:3.
Ukrainaning “Shaxtyor” klubi 6 ochko bilan guruhida peshqadam. Jamoa 2-turda Portugaliyaning “Braga” klubini qabul qilib, 2:0 hisobida zafar quchdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov harakat qiladigan “Krasnodar” ham ochkolari sonini 6 taga yetkazib oldi. Mario Balotelli harakat qiladigan “Nitssa”ni qabul qilgan “Krasnodar” 5:2 hisobida yutdi. Ahmedov 59-daqiqaga kelib boshqa futbolchiga almashtirildi. Bunga qadar Balotelli 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
“K” guruhida Angliyaning “Sautgempton” klubi 4 ochko bilan peshqadam, Chexiyada “Sparta”dan 1:3 hisobida yengilgan “Inter” esa so‘nggi jamoaga aylangan.
Va nihoyat “L” guruhi yetakchisi maqomida Ispaniyaning “Vilyarreal” klubida. Ruminiyada “Styaua” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan ispan klubi hisobida 4 ochko bor.
Izoh (0)