AQShning Janubiy Karolina shtatida 14 yoshli o‘smir otasini o‘ldirdi, so‘ng boshlang‘ich maktabga yo‘l oldi. Reuters axborotiga ko‘ra, maktabdagi o‘yin maydonchasida ikki nafar bola va o‘qituvchiga jarohat yetkazgan huquqbuzar qo‘lga olingan va ayni vaqtda hibsda saqlanmoqda.
Hodisa Taunvill shahrida yuz berdi. Politsiyaning ma’lum qilishicha, ismi oshkor etilmagan shaxs 47 yoshli otasiga qarata o‘q uzgan. Shundan so‘ng u pikapga o‘tirib, uch kilometrcha yo‘l yurgan va maktab o‘yin maydonchasini o‘rab turgan devorga urilgan.
O‘smir bolalarga qarata o‘t ochgandan so‘ng, u o‘t o‘chiruvchi Jeymi Brok tomonidan zararsizlantirilgan. O‘quv muassasasi xodimlari bolalarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilgan.
Yetti daqiqadan so‘ng voqea joyiga politsiyachilar yetib kelgan va o‘smirni qo‘lga olgan. Hibsga olingan o‘smir buvisiga qo‘ng‘iroq qilgan, biroq ayol yig‘lab gapirgan nevarasining gaplarini tushunmagan. Uyga kirgan ayol o‘g‘lining jasadini topgan va 911 ga qo‘ng‘iroq qilgan.
Otishmaga nima sabab bo‘lganligi hozircha noma’lum.
Izoh (0)