O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlari yetkazish bo‘yicha savdo uylari Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida ochiladi. Bu haqda, “O‘zbekoziqovqatxolding”ga asoslanib, UzDaily xabar bermoqda.
Kompaniya “FinInvest Konslating” MChJ bilan hamkorlikda Sankt-Peterburgda savdo uyini tashkil etmoqda. O‘zbekiston tomonining undagi ulushi 51 foizni, Rossiya kompaniyasining ulushi esa 49 foizni tashkil etadi. Ayni paytda ta’sis hujjatlari imzolanish arafasida.
Shuningdek, “O‘zbekoziqovqatxolding” “Sibirskiy alyans” kompaniyasi bilan hamkorlikda Moskvada savdo uyi ochadi. Tomonlar ta’sis hujjatlarini Rossiyaning ro‘yxatga oluvchi organlariga yubordi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston kompaniyasi “Magnit” tarmoq do‘konlariga meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Uning taxminiy summasi 10 million dollarni tashkil etadi.
“O‘zbekoziqovqatxolding” mahsulotni tayyorlab qo‘yish va sarhil mahsulotlarni yetkazish mexanizmlari bo‘yicha X5 Retail Group kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. “Agro-Layn” kompaniyasi bilan esa O‘zbekiston hududida meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash, qadoqlash va sifatini nazorat qilish bo‘yicha shu’ba korxonasini ochish borasida kelishuv ko‘rib chiqilmoqda.
Nihoyat, “O‘zbekoziqovqatxolding” va Ulgurji-taqsimot markazlari milliy uyushmasi o‘zaro hamkorlik kelishuvini imzolashi aytilmoqda.
Izoh (0)