Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes subyektlari tomonidan ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Yaqinda ish boshlagan Farg‘ona tumanidagi “Rubber gold” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yaroqsiz avtoshinalardan zamonaviy texnologiyalar asosida rezina granulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Ma’lumotlarga ko‘ra, bir tonna ishga yaroqsiz rezina va avtoshinalar yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinsa, undan atmosferani ifloslantiruvchi, inson salomatligiga jiddiy ta’sir etuvchi 16 xil zaharli benzin bug‘i, rezina changi, uglerod oksidi, azot oksidi, xloropren kabi moddalar ajralib chiqadi. Ana shu salbiy holatlarning oldini olish maqsadida korxonamizda qattiq maishiy chiqindilardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanmoqdamiz. Bu yerda tayyorlanayotgan sport maydonlarining ustki qoplamasi, turli qoplama koshinlar, gilamchalar, rezina qo‘shiladigan boshqa buyumlar ekologik tozaligi, xavfsiz, elastikligi bilan sportchilarni jarohatlardan asraydi”, — deydi jamiyat rahbari Haydarali Mukarramov.
O‘ndan ortiq kollej bitiruvchisi ishlayotgan korxona yiliga 528 tonna eski avtoshina va boshqa rezinalarni qayta ishlash quvvatiga ega.
Izoh (0)