Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 23-turida chempionlik sari odimlayotgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi o‘z maydonida poytaxtning boshqa bir jamoasi “Obod”ni mag‘lub eta olmadi.
So‘nggi o‘rinda borayotgan “Obod”ga qarshi o‘yinda “Lokomotiv”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golga mualliflik qilgan jamoa sardori Timur Kapadze o‘yindan keyin o‘z fikrini bildirdi, deb yozdi “Championat.asia”.
“1 ochko ham raqib uchun oltinga teng edi. Ulardan bunday qarshilikni kutgandik, durang bilan tabriklayman”, — deb so‘z boshladi Timur Kapadze.
Ochko yo‘qotilishiga sabab sifatida esa “Lokomotiv” sardori quyidagicha fikr bildirdi: “Raqibni mensimaslik holati bor edi desam ham bo‘ladi. Vaholanki gol urish uchun bizda imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. So‘nggi vaqtlarda hujumni golga aylantirish hujumchilarimiz uchun muammo bo‘lib qoldi”.
Ma’lumot uchun, 22 ta o‘yin o‘tkazgan “Lokomotiv” 56 ochko bilan peshqadam bo‘lib, o‘zidan keyingi o‘rinda borayotgan “Bunyodkor”dan 9 ochkoga ilgarilab ketgan. 16 ochkosi bor “Obod” esa 16 ta klub orasida o‘n oltinchi bo‘lib turibdi.
Izoh (0)