Yaponiyaning Okinava prefekturasi yaqinida AQSh qiruvchi samolyoti halokatga uchraganidan so‘ng, mamlakat mudofaa vaziri Tomomi Inada AQShdan xavfsizlik choralarini kuchaytirish va shunga o‘xshash holatlar oldini olishga harakat qilishni talab qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“AQSh tomoniga xavfsizlik choralarini kuchaytirish va shunga o‘xshash holatlar boshqa yuz bermasligi uchun barcha choralarni ko‘rish haqida talab yuborildi”, — dedi Yaponiya mudofaa vaziri.
22-sentabr, payshanba kuni AQSh harbiy-havo kuchlarining Harrier qiruvchi samolyoti Okinava prefekturasi yaqinida, Yaponiyadagi amerikalik harbiylar joylashgan qismida halokatga uchradi.
Ma’lumot uchun, Okinava hududida AQShning Yaponiyadagi qariyb 75 foiz harbiy bazalari joylashgan va bu mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Okinavaliklarning fikricha, Yaponiyaning boshqa hududlariga nisbatan Okinava zimmasiga ko‘proq og‘irlik yuklatilgan.
Bundan tashqari, Okinavada AQSh harbiylari bilan bo‘lib turadigan mojarolar — mast holda yo‘l-transport hodisalariga sababchi bo‘lish, zo‘rlash va qotillik kabilar mahalliy aholining noroziligini yanada kuchaytirmoqda.
Izoh (0)