Rio mezbonlik qilgan XV Paralimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z chiqishlariga yakun yasadi.
Festivalning O‘zbekiston uchun so‘nggi kunida Nozimaxon Qayumova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Nayza uloqtirishda 44,58 natija ko‘rsatgan sportchi barcha raqiblarini ortda qoldiribgina qolmay, jahon rekordini ham o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu 32 nafar sportchi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston uchun Paralimpiadadagi 31-medal bo‘ldi.
Paralimpiada to‘liq yakuniga yetmagan bir vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 15-o‘rinni egallab turibdi.