Rossiyaning “Krasnodar” futbol klubi bosh murabbiy Oleg Kononovning arizasini qanoatlantirgani haqida klub matbuot xizmati xabar berdi. Jamoa murabbiylar shtabida ishlab kelayotgan Igor Shalimov Kononovning vazifasini vaqtinchalik egallaydi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov harakat qiladigan “Krasnodar” Kononov murabbiyligida 131 ta rasmiy o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, shularning 72 tasida zafar quchgan, 31 ta o‘yinda durang o‘ynagan va 28 tasida imkoniyatni boy bergan.
Kononov bilan “Krasnodar” 2013/14-yilgi mavsumda Rossiya Kubogi finaliga qadar yetib bordi. Bir yildan keyin esa mamlakat chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi. “Krasnodar” bu vaqt ichida Yevropa Ligasining guruh bosqichida uch bor ishtirok etdi va shularning 1 tasida 1/16 final bosqichiga qadar yetib bordi.
Ketar chog‘ida Oleg Kononov “Krasnodar” rahbariyatiga, ishchi-xodimlariga, futbolchi va klub muxlislariga o‘z minnatdorchiligini izhor qilib, o‘tgan uch yil uning faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘lganini qayd etdi:
“Men bilan qo‘lga kiritilgan natijalar ortda qolib, kelajakda “Krasnodar” yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etishiga chin dildan tilakdoshman. Men bilan yelkama-yelka mehnat qilgan va qo‘llab-quvvatlagan barcha-barchadan minnatdorman”, — dedi Kononov jamoa matbuot xizmatiga bergan so‘nggi intervyusida.
Izoh (0)