Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) prezidenti Mishel Platini bugun, 14-sentabr kuni Afinada bo‘lib o‘tayotgan navbatdan tashqari kongress davomida tashkilot rahbarligidan ketayotganini rasman ma’lum qildi. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.
“Bu UEFA prezidenti sifatida mening so‘nggi chiqishim”, — dedi Platini o‘z nutqi davomida.
14-sentabr kuni UEFAning yangi rahbari nomi ma’lum bo‘ladi. Unga ikkita nomzod – Sloveniya futbol ittifoqi prezidenti Aleksander Cheferin hamda Gollandiya qirolligi futbol ittifoqi rahbari Mixael van Prag da’vogarlik qiladi.
Ayni damda UEFA prezidenti vazifasini Ispaniya qirolligi futbol federatsiyasi prezidenti Anxel Mariya Vilyar bajarmoqda. Avvalroq Vilyar ham UEFA prezidentligiga nomzodlik qilgan edi, ammo keyinroq u o‘z nomzodini olib tashladi.
Ma’lumot uchun, Mishel Platini 2007-yildan buyon UEFAni boshqarib kelmoqda. 2011-yilda FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter Mishel Platiniga 2 million Shveysariya frankininoqonuniy ravishda o‘tkazib bergani uchun 2015-yilning dekabr oyida sakkiz yilga har qanday futbol faoliyatidan chetlashtirilgandi.
Keyinchalik ushbu chetlashtirish olti yilga qisqartirildi. Shunday so‘ng, Platini Lozannadagi (Shveysariya) Sport arbitraj sudi (CAS)ga chetlashtirish muddatini qisqartirish bo‘yicha apellyatsiya berdi.
Uning apellyatsiyasi qisman qondirildi – diskvalifikatsiya muddati olti yildan to‘rt yilgacha, jarima miqdori 80 mingdan 60 ming yevrogacha qisqardi.
Izoh (0)