Toshkent shahar bojxona xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilib, qonunbuzarlik holatlarining oldi olinmoqda, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Moskva—Toshkent yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, chet ellik fuqarolardan birining qo‘l yuklari orasida noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgan qiymati 19 million so‘mlik 950 quti Parliament sigaretasi borligi aniqlandi.
Shunga o‘xshash holatda mazkur yo‘nalish bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi O‘zbekiston fuqarosi ham qiymati salkam 10 million so‘mlik 480 quti turli xil sigaretani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmagan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan aksiz solig‘i solinmay olib kiriladigan tovarlarning miqdoriy cheklangan normalari”ga muvofiq, jismoniy shaxslar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining tegishli bandida qayd etgan holda, 10 qutigacha tamaki mahsulotlarini bojxona chegarasidan erkin olib kirishiga ruxsat etiladi.
Izoh (0)