Dubay rasmiylari Muhammad bin Rashid al-Maktum nomidagi, qiymati 272 million dollarga teng bo‘lgan kutubxona qurilishi loyihasini boshladi. Kutubxona arab dunyosi madaniyat sohasidagi eng yirik loyiha bo‘ladi. Bu haqda Arabian Business nashri ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Qurilish joriy yilning sentabrida boshlanib, 2018-yilning o‘rtasida yakunlanadi.
Kutubxona maydoni 650 ming kvadrat metrni tashkil etib, yiliga 42 million tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Uning jamg‘armasida 4,5 milliondan ortiq kitob — 1,5 million bosma, shuningdek, audiokitob va raqamli kitoblar bo‘ladi. Kutubxona ichkarisida sakkizta alohida ixtisoslashtirilgan kutubxona joylashadi.
Bino ochiq kitob shaklida quriladi. Unda yiliga 100 dan ortiq madaniy tadbir o‘tkaziladi. Muzey va boshqa muassasalar uning ichidan joy oladi.
Dubay munitsipaliteti vakillarining so‘zlariga qaraganda, kutubxonaning asosiy maqsadi o‘qishni targ‘ib qilish, shuningdek, arab tilini himoya qilish va madaniy merosni saqlab qolishdan iborat.
Izoh (0)