Buyuk Britaniyaga qochqin sifatida kattalarning kuzatuvisiz kelgan yuzlab bolalar mamlakat hududida bedarak yo‘qoldi. Bu haqda, Independent nashriga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Aytilishicha, oxirgi besh yil mobaynida qariyb 10 ming voyaga yetmagan bola kattalar kuzatuvisiz mamlakatga tashrif buyurdi. Ular urush, ochlik va ta’qibdan qochib, muhojir sifatida Britaniyadan qo‘nim topdi. Yangi joyda ular bolalar uylariga yoki asrab oluvchi oilalarga taqsimlanishi lozim, ijtimoiy ishchilar esa ularning ahvolini kuzatib borishi kerak.
Ammo shu besh yil ichida yangi kelgan o‘smirlarning kamida 360 nafari bedarak yo‘qolgan. Ulardan 200 nafari ikki yildan buyon ijtimoiy ishchilar bilan aloqaga chiqmay qo‘ygan bo‘lib, bu jiddiy tashvishni tug‘dirmoqda, deyiladi nashrda.
Leyboristlar bu vaziyatda amaldagi hukumatni ayblamoqda.
Gazetada yozilishicha, bolalarning yo‘qolishiga sabablar sifatida inson savdosi, psixologik jarohatdan qochishga intilish, hukumatga nisbatan ishonchsizlik va deportatsiya qo‘rquvi bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)