Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi. Bu haqdagi xabarnoma Kremlning rasmiy saytida chop etildi.
Telegrammada quyidagi so‘zlar keltiriladi:
“Uning hayotdan ketishi — O‘zbekiston xalqi uchun, shuningdek, butun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar uchun og‘ir yo‘qotishdir. Islom Abdug‘aniyevich o‘ta nufuzli davlat arbobi, o‘z mamlakatining haqiqiy yetakchisi edi. Zamonaviy o‘zbek davlati tarixidagi eng muhim voqealar uning ismi bilan bog‘liqdir.
Islom Abdug‘aniyevich rahbarligi ostida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikning mustahkamlanishiga, mintaqada ko‘p tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga omil bo‘lgan tinchliksevar tashqi siyosat yuritdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va hamkorlik munosabatlarining tiklanishiga bebaho hissa qo‘shgan. Aminmanki, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar bilan biz Rossiya–O‘zbekiston munosabatlarini birodar xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida rivojlantirib boramiz”.
“Vladimir Putin Islom Karimovning qarindoshlari va yaqinlariga, shuningdek, O‘zbekiston hukumatiga va xalqiga samimiy hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini yetkazishni so‘radi”, — deyiladi xabarnomada.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni vafot etdi.
Izoh (0)