Amerikaning SpaceX kompaniyasi Kanaveral burnida (Florida shtati) joylashgan portlashdan so‘ng zarurat bo‘lganda Falcon 9 va Falcon Heavy tashuvchi raketalarini uchirish uchun boshqa ikki uchish maydonchalaridan foydalanishga tayyor. Bu haqda kompaniyaning 2-sentabr, juma kuni chop etilgan bayonotida so‘z yuritiladi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“SpaceX hozirgi paytda uchta — ikkitasi Floridada va yana biri Kaliforniyadagi Vandenberg Harbiy-havo kuchlari bazasida joylashgan uchish maydonchasidan foydalanadi. Ikkita maydonchaga 1-sentabr, payshanba kuni yuz bergan hodisa oqibatida zarar yetmagan. Vandenberg bazasida joylashgan 4E parvoz platformasida modernizatsiyaning yakuniy bosqichi amalga oshirilmoqda”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
SpaceX’ning qayd etishicha, portlash oqibatida zarar yetmagan ikki obyekt Falcon 9 va Falcon Heavy’ni uchirish uchun yaroqli.
Eslatib o‘tamiz, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga qarashli Falcon 9 tashuvchi raketasi 1-sentabr kuni Kanaveral burnida (AQSh, Florida shtati) joylashgan SLC-40 parvoz platformasidagi sinov chog‘ida portlab ketdi.
Izoh (0)