O‘zbekiston va Suriya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi JCh—2018 3-saralash bosqichidan joy olgan o‘yindan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
“Yigitlar zafar quchib, bayramni davom ettirish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilishdi. Odil Ahmedov va Aziz Haydarovga jarohatlari bo‘la turib, shunday o‘ynaganliklari uchun rahmat aytaman”, — dedi Babayan.
Bosh murabbiy 56-daqiqada almashtirib yuborgani Sardor Rashidovning o‘yini borasida ham to‘xtaldi: — “Sardor optimal formada emas. Bu mavsum hisobidan bir dona o‘yinda maydonga tushdi. Jamoasi bilan unga qadar 65 kun ta’tilda bo‘ldi. Bunaqasi futbolda kam bo‘ladi. U kiyinish xonasida Qatarda yaxshiroq o‘ynashga va’da berdi”.
Samvel Babayan Suriyaga qarshi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasiga g‘alaba keltirgan gol muallifi Aleksandr Geynrix haqida ham fikr bildirdi: — “Geynrix hali qarib qolgani yo‘q. U zaxiradan tushib, o‘yinni kuchaytirib yuboradigan futbolchi. Pasportdagi yoshining esa menga ahamiyati yo‘q. Muhimi — terma jamoa uchun borini berishga tayyor”, — deb Babayanning so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Championat.asia”.
Izoh (0)