Rossiya va Turkiya o‘rtasida mahsulot embargosini bekor qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda 31-avgust, chorshanba kuni Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi Antaliyadagi Turkiya — Rossiya mediaforumida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RBK”.
U hozir ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi deyarli 80 foizga qisqarganligini ta’kidladi. Biroq vazir mamlakatlar nafaqat inqirozdan avvalgi darajaga yetishi, balki uni oshirishi mumkinligiga umid bildirdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, 2015-yilning noyabrida tovar aylanmasi hajmi 30—40 milliard dollarni tashkil etgan. “Biz ushbu summa 100 milliard dollarga yetishini istaymiz”, — dedi Zeybekchi.
“Yaqin vaqt ichida savdo munosabatlaridagi barcha to‘siqlarning olib tashlanishiga umid qilamiz. Hamkorlik yo‘nalishlaridan biri bu meva va sabzavotlar savdosini qayta tiklashdir”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga qaraganda, mamlakatlar hisob-kitobni milliy valyuta — rubl va lirada amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)