O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida Prezident Islom Karimov milliy olimpiya terma jamoasiga Rio-de-Janeyroda qo‘lga kiritilgan yutuqlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Tabrik matnini O‘zA taqdim etdi.
“Shu kunlarda butun xalqimiz Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, buyuk g‘alabaga erishgan sportchi yoshlarimizni qizg‘in qutlamoqda. Dunyodagi 206 ta mamlakatdan kelgan manaman degan sportchilar bilan bo‘lgan keskin bellashuvlarda o‘g‘lonlarimizning ko‘rsatgan mardligi va fidoyiligi, mahorati va matonati, ona Vatanimizga muhabbati ming-minglab yoshlarimiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘ldi, deb g‘urur va iftixor bilan baralla aytishga barchamiz haqlimiz”, — dedi davlat rahbari.
“Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, O‘zbekiston yoshlarining dunyoda hech kimdan kam emasligini butun jahonga namoyish etgan mohir sportchilarimizga, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylariga, milliy olimpiya terma jamoamizning barcha a’zolariga chin qalbimdan chuqur minnatdorlik bildiraman”, — qo‘shimcha qildi Islom Karimov.
Izoh (0)