Irlandiya milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Dermot Xenixan, shuningdek, g‘aznachisi Kevin Kitti hamda ijrochi direktori Stiven Martinga Braziliyani tark etish ruxsat etildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
L’Équipe nashrining bildirishicha, ilgariroq ular Riodagi Olimpiya o‘yinlarida chiptalar bilan bog‘liq qalloblikka qo‘l urganda ayblanib, nazorat ostiga olingan, ularning shaxsiy buyumlari olib qo‘yilgan edi.
17-avgust kuni Braziliya politsiyasi Yevropa olimpiya qo‘mitalarining sobiq rahbari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sobiq a’zosi va Irlandiya milliy olimpiya qo‘mitasining sobiq prezidenti Patrik Xikkini Rio-de-Janeyro chetidagi mehmonxonalardan birida qo‘lga olgan edi. U Olimpiada doirasidagi sport tadbirlariga noqonuniy chipta sotishda ayblangandi. Irlandiya MOQ Xikki barcha lavozimlaridan vaqtinchalik chetlashtirilganini ma’lum qildi. Ayblanuvchi og‘ir tartibdagi “Bangu” qamoqxonasiga yetkazildi.
21-avgust kuni Reuters Irlandiya MOQning boshqa a’zolari turgan xonalarda o‘tkazilgan tintuv asnosida sotilmay qolgan chiptalar topilganini ma’lum qildi. Irlandiya MOQ bu ishlarga aloqadorlikda gumon qilinib, politsiya tomonidan pasportlari olib qo‘yilgan xodimlarining nomlarini keltirdi: Villi O’Brayen (vaqtinchalik prezident), Jon Deleyni (prezident o‘rinbosari), Dermot Xenixan (bosh kotib), Stiven Martin (ijrochi direktor), Kevin Kitti (g‘aznachi) va Linda O’Raylli (prezidentning shaxsiy yordamchisi).
Politsiya chipta qallobligi bilan bog‘liq pullarni yuvish taxminini ilgari surmoqda. Martin, Kitti va Xenixan bu ishlarga aloqador deb hisoblanmoqda. Irlandiya hukumati ham bu borada o‘z tergovini boshlab yubordi.
Izoh (0)