25-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Boshi:
Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini Oliy Majlisning quyi palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqishdan boshladi. Qonunga yangi tushunchalar kiritildi, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish, mehnatning muhofaza qilinishini boshqarish tizimi auditi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalligiga chalinishni tekshirish hamda hisobga olish masalalari aniq tartibga solinmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi. Ushbu qonunga muvofiq bir qator qonun hujjatlariga ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb qilish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga aksiyadorlik jamiyatlariga chet ellik investorlarni keng jalb qilishga, korporativ boshqaruvda ularning faol ishtiroki uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, aksiyadorlik jamiyatlarida chet ellik investorlarning ustav kapitalidagi ulushi kamida 15 foizni tashkil etishi lozimligi nazarda tutilgan tartib o‘rnatilmoqda.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-aprelda qabul qilingan “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga taqdim etilgan yuridik shaxslarning foyda solig‘i, mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i va boshqa soliqlar bo‘yicha imtiyozlar xorijiy investorning ulushi ustav kapitalining 15 foizidan 33 foizigacha miqdorni tashkil etadigan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchaning Soliq kodeksiga kiritilganligi muhim ahamiyatga ega.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berildi, bu qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini fuqarolar e’tiboriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy vositalaridan foydalangan holda o‘z vaqtida va to‘liq yetkazish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratib beradi. Senatorlarning fikricha, bu ham aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, joylarda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga ularning normalarini yangi qabul qilingan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ayrim tuzatishlar sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Xususan, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar maxsus va huquqiy masalalarni o‘z ichiga olgan o‘qitish dasturiga muvofiq sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini vaqti-vaqti bilan oshirib borishning yagona tizimini joriy etishga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar yalpi majlis kun tartibiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovlarini yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq senatorlar Bosh vazir o‘rinbosari B. Zokirovga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yaxshilashda mahalliy davlat boshqaruvi organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini oshirish to‘g‘risidagi masala haqidagi parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. G‘ulomovga aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, shuningdek, sanoat xavfsizligi va radiatsiya xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi to‘g‘risidagi masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi. Madaniyat va sport ishlari vaziri B. Ahmedovga mamlakatda teatr san’atini rivojlantirish, teatr muassasalarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, milliy tarixning eng yorqin sahifalarini aks ettiruvchi sahna asarlarini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi masala bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining tarkibiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi. Barcha ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Senatning ikki kun davom etgan majlisida 10 ta masala, shu jumladan, demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich chuqurlashtirishga va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan 6 ta qonun ko‘rib chiqildi, ularning ro‘yobga chiqarilishi mamlakatda aholi turmush darajasini yanada oshirishning, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashning kuchli omili bo‘lib xizmat qiladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
Izoh (0)