Samarqandda “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa ishtirok etdi. Tabdirda xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi J. Inog‘omov va boshqalar qatnashdi.
Mustaqillikning 25 yilligi arafasida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan tanlovning aprel–may oylarida o‘tkazilgan tuman (shahar) bosqichlarida 9 764 fuqarolar yig‘ini ishtirok etib, ularning 193 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida yana bir bor sinovdan o‘tdi. Ular orasida birinchi o‘rinni egallagan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida tashkil etilgan mamlakat bosqichida uch shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Ishtirokchilar birinchi shartda o‘z hududlarida amalga oshirayotgan ishlari, erishilgan yutuqlar, namunali ish tajribalariga oid taqdimotni zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda namoyish etdi.
Ikkinchi shartda ishtirokchilarning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga doir qonunchilik hujjatlariga oid bilimi, yuzaga kelayotgan masalalar yechimini topish yuzasidan malakasi, dunyoqarashi sinovdan o‘tkazildi. Ayniqsa, ushbu shartda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonuni va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda berilgan savollarga qaytargan javoblari hakamlar hay’ati tomonidan qonuniylik, oshkoralik va adolat tamoyillari asosida baholandi. Shuningdek, fuqarolar yig‘inlari raislarining hozirjavobligi va dunyoqarashi sinovdan o‘tkazildi.
Tanlov ishtirokchilari asosiy o‘rinlardan tashqari, fuqarolar yig‘ini faoliyatiga oid bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.
Taniqli san’atkorlarning tinchlik, Vatan va do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Samarqand viloyatidagi namunali mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda ulardagi jamoatchilik tuzilmalari faoliyati bilan tanishib, tajriba almashdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Z. Mirzayev so‘zga chiqdi.
Izoh (0)