AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi eng yirik shahri – Sharlottda politsiya xodimi vaziyatni tushuntirayotgan kar-soqov kishini otib o‘ldirdi. Bu haqda Daily Mail gazetasiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, 18-avgust kuni kechga yaqin politsiya trassada avtomobilda tezlikni oshirishni qayd etdi. Mashina ichida Sharlott shahri fuqarosi 29 yoshli Deniel Kevin Xarris bo‘lgan. Politsiya xodimlari mashinani to‘xtatmoqchi bo‘ldi, ammo haydovchi hech qanday javob ishorasini bermadi.
Shundan so‘ng politsiyachilar uning ortidan quvdi. Xarris o‘z uyi yaqinida to‘xtadi va avtomobildan chiqdi. Huquq-tartibot vakillarining ta’kidlashicha, o‘sha vaqtda Deniel Kevin Xarris va politsiyachi Jermen Sonders o‘rtasida mojaro kelib chiqdi va huquq-tartibot xodimi o‘q uzishga majbur bo‘ldi. Buning natijasida Xarris voqea joyida halok bo‘ldi.
Hodisa guvohlarining bildirishicha, tezlikni oshirgan haydovchi mashinadan tushayotganda unga qarata o‘q uzilgan. Halok bo‘lgan Xarrisning qo‘shni va yaqinlari u kar-soqov bo‘lgani uchun harakat vaqtida politsiya sirenasini eshitmaganini ta’kidlamoqda. Xarris uyiga yetib kelib, mashinadan tushganida politsiya xodimini ko‘rdi va o‘zi uchun yagona usul – ishoralar tilida vaziyatni tushuntirish maqsadida u tomon yo‘l oldi. Bu esa politsiyachining o‘q uzishi uchun yetarli sabab bo‘ldi.
Noxush hodisadan so‘ng Xarrisning oilasi halok bo‘lganning krematsiya va dafn marosimiga mablag‘ yig‘ish maqsadida internet sahifa ochdi. Daily Mail’ning qayd etishicha, ayni damda Xarrisning qarindonlari 5 ming dollar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)