O‘zbekistonda 20–21-avgust kunlari o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 17 milliondan ziyod kishi ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-avgustdagi farmoyishi bilan avgust oyi mamlakatda obodonlashtirish va tozalik oyligi deb e’lon qilingan edi.
Umumxalq xayriya hashari mamlakatning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Hashar kunlari mamlakat bo‘ylab qirq ming gektarga yaqin maydon obodonlashtirildi. Aholi turar joylari, ko‘p qavatli binolar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirildi. Daraxtlar butalib, oqlandi. Yigirma besh ming kilometr uzunlikdagi ariq-zovurlar, lotoklar tozalandi. Maxsus ajratilgan transportlarda chiqindilar belgilangan joylarga chiqarib tashlandi. Obodonlashtirish ishlariga o‘n olti mingdan ortiq texnika jalb etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu tadbirni tashkil etishda hududning ekologik holatini yanada yaxshilash, mehr-muruvvat ishlari ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hashar Farg‘ona viloyati shahar va qishloqlarida ham uyushqoqlik bilan o‘tdi.
Umumxalq xayriya hasharida yoshlarning faolligi yaqqol namoyon bo‘ldi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yigit-qizlarni bu borada yanada jipslashtirish maqsadida “Yurtimni obod etaman!” aksiyasini e’lon qildi. Chilonzor tumani Qozirabot mahallasida ushbu loyiha doirasida o‘tkazilgan tadbirda ikki yuzga yaqin yosh faol ishtirok etdi. Hasharchi yigit-qizlarning sa’y-harakati bilan mahalla hududidagi daraxtlar oqlanib, butaldi. Yo‘l va binolar atrofidagi qurilish va maishiy chiqindilar chiqarib tashlandi. 1,2 kilometr uzunlikdagi lotok va ariqlar tozalandi. Bolalar maydonchalari tartibga keltirildi.
Hashar kunlari yoshlarning “Nuroniylar e’zozimizda” aksiyasi ham tashkil etildi. Tadbir doirasida keksa va nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz kishilar, kam ta’minlangan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashildi.
O‘zbekiston mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan mahallalar hududida maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari, sport inshootlari, go‘zallik salonlari, mahalla guzarlari barpo etilib, bayram arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotir. Umumxalq xayriya hashari kunlari ana shunday inshootlardan yuzga yaqinining qurilishi yakunlandi.
Hashardan tushgan mablag‘ “Mahalla” xayriya jamoat fondining hisob raqamiga o‘tkaziladi. Bu mablag‘ mahallalarni obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yordamga muhtoj toifasiga ko‘mak berish, keksalar, onalar va bolalar salomatligini muhofazalash hamda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Izoh (0)