Mamlakatning amaldagi chempioni sifatida O‘zbekiston Oliy Ligasida ishtirok etayotgan Toshkentning “Paxtakor” klubi ikkinchi mavsum boshlanganidan buyon zafar qucha olmayotgan uch klubdan biriga aylandi.
“Championat.asia”ning ma’lum qilishicha, “Paxtakor”dan tashqari “Olmaliq” va “Mash’al” klublari ham Oliy Liga ikkinchi davrasining ortda qolgan to‘rt turida g‘olib chiqa olmadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Burkina-Fasoga qarshi o‘rtoqlik o‘yini uchun eng ko‘p futbolchi Oliy Ligada 7-o‘rinda borayotgan “Paxtakor”dan saralab olingan — 6 nafar. Bu ko‘rsatkich liga peshqadami, Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirokini davom ettirayotgan “Lokomotiv”da 4 nafarni, chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Bunyodkor”da 3 nafarni tashkil qiladi.
“Paxtakor”ni so‘nggi turda mag‘lub etgan Qarshining “Nasaf” klubidan milliy terma jamoa uchun 1 nafar futbolchi jalb etilgan bo‘lib, darvozabon Eldor Suyunov Samvel Babayan jamoasida uchinchi posbon hisoblanadi.
“Paxtakor” ikkinchi davra o‘yinlari boshlanganidan buyon to‘rt uchrashuvda 2 ochko ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Andijon va Qarshi shaharlarida mag‘lubiyatga uchragan “Paxtakor”, “Buxoro” va “Qo‘qon—1912” klublari bilan durang o‘ynadi.
Izoh (0)