10-avgust kuni bo‘lib o‘tgan “Nasaf” — “Paxtakor” uchrashuvi yakunlanganidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy tomonidan bildirilgan fikrlar “Paxtakor” matbuot xizmati tomonidan klubi saytiga joylandi.
“Nasaf” yaxshi jamoa, saviyali o‘yinchilarga ega. Bugun raqibga o‘zimiz sovg‘a taqdim etdik. Keraksiz joyda qizil kartochka ishlab oldik”, — deb fikr bildirgan “Paxtakor” bosh murabbiyi.Saviyali o‘yinchilarga ega bo‘lgan yaxshi jamoaning faqatgina darvozaboni “Paxtakor” sobiq bosh murabbiyi tomonidan milliy terma jamoaga jalb qilingan bo‘lib, mazkur jamoaga imkoniyatni boy bergan “Paxtakor”ning olti nafar a’zosi terma jamoadan chaqiruv qog‘ozi olgan.
“Mezbon jamoa murabbiylar shtabidan madaniyatliroq bo‘lishni so‘rayman. Bunga klub rahbariyati e’tibor qaratadi deb o‘ylayman”, — deb ta’kidladi Grigoriy Kolosovskiy. Mutaxassis “Nasaf” murabbiylar shtabi aynan qaysi holatlarda madaniyatdan yiroq bo‘lganiga oydinlik kiritmagan.
“Oldingi uch o‘yinda ham imkoniyatlardan foydalana olmadik. Raqiblardan to‘liq ustunlik qildik. Bugun mezbonlarda vaziyat ko‘proq bo‘ldi”, — deb fikrini yakunlagan “Paxtakor” ustozi. Raqiblardan to‘liq ustunlik qilingan o‘yinda nima sababdan vaziyatlar mezbonlarda ko‘proq bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
“Paxtakor” klubi Oliy Liganing ortda qolgan 19 ta turidan so‘ng 4 ta qizil kartochka olgan bo‘lib, bu borada 16 jamoa orasida eng yomon ko‘rsatkichni qayd etib turibdi. Burkina-Faso termasiga qarshi o‘yin uchun chaqiruv qog‘ozi olgan futbolchilardan Davron Hoshimov va Javohir Sohibov so‘nggi ikki turda maydondan chetlatilgan.
Izoh (0)