“Arvoh ovchilari” filmining ayollar ishtirokida olingan versiyasi Sony Pictures kinokompaniyasiga 70 million dollarga yaqin zarar keltiradi. Bu haqda 10-avgust, chorshanba kuni The Hollywood Reporter xabar bermoqda.
Ekspertlar studiya filmning davomini olish haqida qaror qilishiga shubha qilmoqda.
“Arvoh ovchilari” filmining prokatda xarajatlarni qoplashini allaqachon kutishmayapti. Tahlilchilarning ma’lumotlariga qaraganda, kartina dunyo bo‘ylab kinoteatrlarda 225 million dollardan ortiq mablag‘ to‘playdi. Biroq xarajatlarni qoplash uchun film 300 million ishlashi lozim. Film budjeti, reklama xarajatlarini hisobga olmaganda, 144 million dollarni tashkil etgan.
Prodyusserlar Xitoyning yirik kino bozoriga umid qilishi mumkin edi. Biroq u yerda mahalliy senzurachilar film prokatini taqiqladi.
Yangi “Arvoh ovchilari” 2016-yilning iyulidan kinoteatrlarda namoyish qilinmoqda. Unda bosh rollarni Melissa Makkarti, Kristen Uig, Keyt Makkinnon, Lesli Jons va Kris Xemsvort ijro etgan.
Izoh (0)