Rio—2016 Olimpiadasining 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shahram G‘iyosov turnirdagi ikkinchi jangini litvalik Eymantas Stanyonisga qarshi o‘tkazdi.
1/8 final doirasida kechgan bellashuvda Buxoro boks maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Shahram G‘iyosov raqibini mag‘lub etib, chorak final chiptasini qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba uning uchun Rio-de-Janeyrodagi ketma-ket ikkinchisi bo‘ldi.
Shahram G‘iyosov musobaqaning 1/16 finalida ispaniyalik Yuba Sissokoga qarshi jang qilib, har uchala raundni o‘z foydasiga hal qilgandi.
O‘zbekistonlik bokschi medallar uchun kechadigan chorak final jangini kubalik charm qo‘lqop ustasi Iglesias Ronielga qarshi o‘tkazadi.