Italiyaning Quotidiano Sportivo nashri bosh muharriri Juzeppe Tassi 9-avgust, seshanba kuni maqolaga berilgan tahqirlovchi sarlavha uchun lavozimidan ozod etildi. Maqola Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadada Italiya ayollar terma jamoasining kamondan otish bo‘yicha bronza uchun kurashdagi mag‘lubiyatiga bag‘ishlangan edi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
8-avgust, dushanba kuni Quotidiano Sportivo “Baqaloqlar uchligi olimpiya mo‘jizasini boy bermoqda” sarlavhasi ostida maqola chop etdi. Maqola to‘rtinchi o‘rinni egallagan italiyalik sportchi qizlar Guendalina Sartori, Luchilla Boari va Klaudiya Mandiyaning muvaffaqiyatsizligi haqida edi.
Maqola chop etilishi bilanoq ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslar boshlanib ketdi. Ko‘pchilik o‘quvchilar bunday sarlavhani sportchilarni haqorat qilish deb baholadi. Shu munosabat bilan Italiya Kamondan o‘q uzish federatsiyasi prezidenti Mario Skarsella Tassiga ochiq maktub yozdi va unda Olimpiada o‘yinlarida italiyalik kamonchilar chiqishlari tarixida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan sportchilarga nisbatan hurmatsizlik jiddiy jurnalistikaga mos kelmasligini ma’lum qildi.
Tassi jurnalistlar ayollar terma jamoasi a’zolarini xafa qilishni aslo istamaganligi, balki shu tariqa o‘zining do‘stona munosabatini ko‘rsatmoqchi bo‘lganligini tushuntirib, o‘zini oqlashga urindi. Biroq gazetani chiqaruvchi Poligrafici Editoriale nashriyot guruhining rahbari Andrea Riffezer Monti bosh muharrirni zudlik bilan lavozimidan ozod etish haqida qaror qabul qildi.
Izoh (0)