Yengil atletika bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni keniyalik Kipchoge Keyno sport rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasining “Olimpiada chambari” nomli maxsus mukofotining birinchi laureatiga aylandi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Mukofotni tantanali topshirish marosimi “Marakana” stadionida o‘tkazilgan Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari ochilish marosimida bo‘lib o‘tdi.
“Ushbu mukofotni qo‘lga kiritganimdan faxrlanaman. Sportni doimo birlashtiruvchi va odamlarni yarashtiruvchi kuch deb hisoblaganman. Sportning yana bir asosiy funksiyasi – ta’lim. Unga e’tibor qaratish kerak, chunki farzandlarimiz – bizning kelajagimiz”, – dedi Keyno.
Keyno 1968-yilgi Olimpiada o‘yinlarining chempioni va kumush medali (1 500 metr va 5 000 metrga yugurish) sovrindori sanaladi. 1972-yilgi Olimpiada o‘yinlarida ham u oltin va kumush (3 000 metrga to‘siqlar bilan va 1 500 metrga yugurish) medallarini qo‘lga kiritgan.
Ayni damda Kipchoge Keyno Keniya olimpiya qo‘mitasi rahbari hamda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Olimpiya ordeni laureati hisoblanadi.
Izoh (0)