Toshkent shahrida 2016/2017-yil kuz—qish mavsumi oldidan gaz taqsimlash tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zA.
Toshkent ko‘chalaridagi yirik gaz tarmoqlari eski metall gaz quvurlari ichiga yangi polietilen quvurlar joylashtirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar yordamida ta’mirlanmoqda.
Joriy yilda 18,4 kilometr gaz quvurini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. Yer osti gaz quvurlarini ta’mirlashda polietilen quvurlar tortishning zamonaviy “quvur ichida quvur” texnologiyasidan foydalanilmoqda. Mablag‘ va vaqtni tejash imkonini beradigan ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, rekonstruksiya qilinayotgan eski metall quvur ichiga polietilen quvur joylashtiriladi.
Hozirgi kunda Toshkentdagi o‘rta va yuqori bosimli 1,5 ming gaz nazorati punktida tekshirish va profilaktika ishlari yakunlandi. O‘tgan yilning kuz—qish mavsumida ayrim mahallalarda gaz quvurlarida bosimning pastligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan edi. Ularni hal qilish maqsadida qo‘shimcha gaz nazorati punktlari o‘rnatish va yangi quvurlar o‘tkazish ishlari bajarilmoqda.
Shahardagi gaz quvurlarining mustahkamligi va ish qobiliyatini tekshirish ishlari yakunlandi. Yer osti gaz quvurlari xizmatining zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mobil laboratoriya xizmati yordamida 870 kilometrlik gaz tarmog‘i tekshiruvdan o‘tkazildi. Aniqlangan barcha nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilib, 60 kilometrga yaqin yer osti gaz quvuri qayta tiklandi.
Tabiiy gazdan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga doir dastur ishlab chiqildi. Resurslarni tejash maqsadida zamonaviy tejamkor elektron gaz hisoblash uskunalari o‘rnatilmoqda. Eski isitish qozonlari yangilariga almashtirilmoqda.
Kuz—qish mavsumiga o‘z vaqtida va puxta tayyorgarlik ko‘rish gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashi, iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish kafolatidir.
Izoh (0)