Suriya radikal guruhi Idlibda urib tushirilgan Mi-8 vertolyotida halok bo‘lgan 5 nafar rossiyalik harbiyning jasadini hozirda Bashar Asad rejimi ostidagi qamoqxonalar va Livandagi “Hizbulloh” qamoqxonalarida saqlanayotgan mahbuslarga almashishni taklif qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lumotiga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu bayonot o‘zini “Asirga olinganlar ishlari bo‘yicha umumiy jamg‘arma” deb nomlagan guruh tomonidan amalga oshirilgan. Guruh rossiyalik halok bo‘lgan harbiylar jasadining besh nafari ularda ekanligini ta’kidlamoqda. Bayonotga jangarilar rossiyaliklarning hujjatlari deb hisoblayotgan hujjatlar ilova qilingan. Ularni necha nafar mahbusga va aynan kimlarga almashish kerakligiga aniqlik kiritilmagan.
Shuningdek, ushbu guruh Suriya hukumat qo‘shinlari qurshab olgan hududlar blokadasini to‘xtatish hamda shu hududlarga yetarli miqdorda gumanitar yordam yetkazish imkoniyatini yaratishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-avgust kuni rossiyalik harbiylar bo‘lgan Mi-8 vertolyoti Idlib viloyatida urib tushirilgan edi. Uning bortida bo‘lgan besh kishi halok bo‘lgan.
Izoh (0)