AQSh davlat kotibi Jon Kerri Turkiyaga 21-avgustda tashrif buyuradi. Bu haqda TRT telekanali efirida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: “Korrespondent.net”

Foto: “Korrespondent.net”

“Davlat kotibi 21-avgust kuni keladi, deb o‘ylayman”, — dedi Erdo‘g‘on.

Avvalroq CNN Turk telekanali Kerrining Turkiyaga safari avgust oxirida bo‘lib o‘tishini xabar qilgan edi. Ammo davlat departamentidagilar bo‘lajak tashrif haqidagi axborotni tasdiqlaganicha yo‘q.

Turkiya va AQSh munosabatlari 16-iyulga o‘tar kechasi fitnachilar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng keskinlashdi. Anqara isyon ortida muxolifatchi va islom targ‘ibotchisi Fathulla Gyulen turganini aytdi va AQShga 1999-yildan buyon Pensilvaniya shtatida yashab kelayotgan muxolifatchini ekstraditsiya qilish haqida so‘rov jo‘natdi.

Turkiya prezidenti Vashington so‘rovni qondirmasa, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqaga putur yetishini ma’lum qildi. AQSh Davlat departamentidagilar esa, o‘z navbatida, ekstraditsiya bo‘yicha sud jarayoni uzoq davom etishi mumkinligini ta’kidladi.