Farg‘onaning Chimyon qishlog‘idagi Qayilma ko‘chasida 5 nafar farzand, 30 nafardan ortiq nabira, 20 nafardan ortiq chevara-yu, evaralarning bobosi Boydada Xo‘jayev istiqomat qiladi. Bu haqda “Daryo” mobil muxbiri xabar bermoqda.
“Bolalarim! Mehnatdan aslo qochmanglar. Halollikda gap ko‘p. El-yurt oldida ishlab obro‘ topinglar. Chunki, halol luqma yegan, xalq xizmatida bo‘lgan inson hech qachon xor bo‘lmaydi. Men ana shu tamoyillarga amal qilib yashadim, doimo yaxshi niyatda umid bilan kun kechirdim. Yurtboshimizning umrlari uzoq bo‘lsin. Chekka hududda yashashimga qaramasdan, o‘z e’tiborlarini menga qaratib, o‘tgan yili Mustaqillik bayrami arafasida meni ‘Shuhrat’ medali bilan taqdirladilar. Oddiy, keksa qishloq kishisiga bundan ortiq baxt bo‘lishi mumkinmi?”, – dedi 116 yoshli otaxon.
“Daryo” mobil muxbirining qayd etishicha, Boydada Xo‘jayev ancha tetik, gap-so‘zlari joyida, o‘tmish voqealarni yaxshi eslaydi. U Usmon Yusupov nomli Log‘on, Katta Farg‘ona kanallari qazilishida bevosita ishtirok etgan. Urush yillarida fidokorona mehnat qilib, front ortini mustahkamlashga hissa qo‘shgan.
Izoh (0)