O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi Chimyon tog‘larida (Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani) adashib qolgan erkak va uning ikki bolasiga yordam berdi. 27-iyulda sodir bo‘lgan voqea haqida, FVV matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“Juda yuqoriga chiqib olganimizni payqamabmiz, — deb hikoya qiladi Qodirjon Do‘stmatov. — Natijada ikki farzandim bilan adashib qolib, tog‘larda bir necha soat qolib ketdik. Vaziyat imkonsizligini kech tushundim”.
Shu hududda o‘tayotgan FVV musobaqalarida qatnashayotgan qutqaruvchilar ularga yordamga keldi.
“Musobaqaning navbatdagi bosqichiga ketayotganimizda kimdir uzoqda yordam so‘rayotganini eshitdik”, — dedi Samarqanddan tashrif buyurgan qutqaruvchi Alisher Qurbonov.
Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus otryadi zudlik bilan chaqirildi — ular maxsus texnika olib keldi. Shundan so‘ng ikki viloyat qutqaruvchilari erkakni va uning farzandlarini tog‘dan tushirib oldi.
Qutqaruv operatsiyasida Samarqand viloyati FVB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Georgiy Smirnov, qutqaruv guruhi komandiri Ravshan Sharipov, qutqaruvchi Alisher Qurbonov, shuningdek, Toshkent viloyati tezkor qutqaruv otryadi xodimlari Hasan Hasanov, Erkin Qahhorov va Ravshan Mavlonov ishtirok etdi.
Izoh (0)