Malayziyaning 2014-yil mart oyida g‘oyib bo‘lgan Boeing-777-200 samolyotini qidirishda ishtirok etayotganlar Tanzaniya sohillarida topilgan samolyot qanotining parchalari “deyarli shubhasiz” yo‘qolgan havo kemasiga tegishli ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda 29-iyul, juma kuni Avstraliya transport vaziri Darren Chester ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Uning aniqlik kiritishicha, ekspertlar ushbu bo‘laklarni Kanberra laboratoriyasida tadqiq etishda davom etmoqda.
Vazir, shuningdek, Avstraliyadan g‘arbdagi Hind okeanida davom etayotgan samolyotni qidirish bo‘yicha ishlar cho‘zilayotganligi hamda endi dekabrda yakunlanishini ma’lum qildi.
Hozirgi paytga qadar umumiy maydoni 120 ming kvadrat kilometr bo‘lgan hududning 110 ming kvadrat kilometrdan ortiq qismi o‘rganib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya aviakompaniyasiga tegishli bortida 239 kishi bo‘lgan Boeing-777-200 samolyoti 2014-yilning 7-martidan 8-martiga o‘tar kechasi Kuala-Lumpur—Pekin yo‘nalishi bo‘yicha MH370 reysini amalga oshirayotgan edi. Parvoz boshlangandan taxminan ikki soat o‘tib havo kemasi bilan aloqa yo‘qolgan.
Izoh (0)