Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bir nechta yangi xizmat ochildi. Bu haqda “Daryo”ga portal vakillari ma’lum qildi.
Jumladan, “Toshkent shahar markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tarmog‘iga ulanish uchun texnik shartlar olishga elektron ariza yuborish” xizmati tashkil etilgan bo‘lib, u onlayn rejimda xonadonga isitish tizimini o‘tkazish yuzasidan texnik talablar haqida ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Yana bir xizmat “Tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma olish”dir. Oxirgi paytlarda O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoqmandlar soni oshmoqda. Ehtiyojning ortib borayotganini inobatga olgan holda portal tovar belgisini onlayn rejimda ro‘yxatdan o‘tkazishga mo‘ljallangan xizmatni ishga tushirdi. Foydalanuvchi faqat internet orqali ariza to‘ldirib, tegishli organga yo‘llashi kifoya. Bir muddatdan so‘ng ariza ko‘rib chiqilib, foydalanuvchiga javob beriladi va, ro‘yxatdan o‘tkazish muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, guvohnoma taqdim etiladi.
“Bolalarni maktabgacha tarbiya muassasalariga qabul qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilish” xizmati yordamida foydalanuvchilar farzandlarining bolalar bog‘chasiga qatnovini rasmiylashtirishi mumkin. Ilgari ushbu xizmat faqat Toshkent shahri uchun amal qilgan bo‘lsa, hozirda undan butun respublika bo‘ylab foydalanish mumkin. Buning uchun zarur hujjatlarni skanerdan o‘tkazib, elektron nusxalarini shaxsiy kabinet orqali O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligiga yoki uning struktur bo‘linmalariga yo‘llash talab etiladi. Bir muddatdan so‘ng foydalanuvchiga javob tariqasida bola uchun maktabgacha tarbiya muassasasiga yo‘llanma taqdim etiladi.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi yong‘in avtomatikasini, qo‘riqlash va o‘t o‘chirish signalizatsiyalarini loyihalashtirish, o‘rnatish, litsenziyalash, ta’mirlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish kabi ishlarni osonlashtirish maqsadida portal bilan hamkorlikda “Yong‘inga qarshi avtomatika vositalarini, qo‘riqlash signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va yong‘indan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni litsenziyalash” xizmatini ishga tushirdi.
Izoh (0)