O‘zbekistonning iqtisodiy faol aholisi miqdori 2016-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra 13 million 191,5 ming kishini tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,8 foizga ko‘proqdir. Bu haqda, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Davlat sektorida 18,2 foiz (2015-yilda — 18,4 foiz), nodavlat sektorda — 81,8 foiz (81,6 foiz) odam band. Kichik tadbirkorlikda bandlar ulushi 77,7 foizgacha ko‘paydi (o‘tgan yili — 77,3 foiz).
Ayniqsa mahsulot yetkazish va saqlash (o‘sish — 3,8 foiz), yashash va ovqatlanish xizmatlari (3,7 foiz), axborot va aloqa (3,4 foiz), qurilish (3,3 foiz) va savdo (2,8 foiz) singari iqtisodiy faoliyat turlarida o‘sish sezilarli bo‘ldi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida bandlar ulushi 27 foizni, sanoatda bandlar ulushi 13,6 foizni, savdoda bandlar ulushi 10,4 foizni, qurilishda bandlar ulushi 9,4 foizni, maorifda bandlar ulushi 8,4 foizni tashkil etdi.
Bandlik iqtisodiy faol aholining 94,8 foizini qamrab oldi. Ishsizlik darajasi — 5,2. Bu ko‘rsatkich yil boshidan beri o‘zgarmadi.