Yevro—2016 boshlanmay turiboq Londonning “Chelsi” klubini qabul qilib olgan Antonio Konte turnir yakunidan keyin yangi ish joyiga ko‘chib o‘tdi. Italiya terma jamoasida esa uning o‘rnini Jampyero Ventura egalladi.
Ventura bunga qadar Turinning “Torino” klubini 2011-yildan buyun boshqarib kelayotgandi. Murabbiylik faoliyatini 1976-yildan boshlagan 68 yoshli mutaxassis katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmagan.
Jampyero faoliyati davomida 3 ta klubni Italiya B seriyasidan A seriyaga olib chiqqan. 1996/97-yilgi mavsumda “Lechche” 3-o‘rin bilan, 1997/98-yilgi mavsumda “Kalyari” 3-o‘rin bilan, 2011/12-yilgi mavsumda esa “Torino” 2-o‘rin bilan A seriyaga qadam qo‘ygan.
“Men bu yerda ekanligimdan shodman. Futbol olamidagi yirik jamoalardan biriga murabbiy bo‘lganimdan faxrlanaman”, — deb ta’kidladi Ventura Football Italia nashriga bergan intervyusida.
U avvalgi murabbiy Antonio Kontega minnatdorchilik bildirishni ham unutmadi: “Astoydil mehnat qiladigan jamoani qoldirib ketgani uchun Kontedan minnatdorman. Antonio bu jamoaga poydevor qo‘yib bo‘lgandi. Bu esa menga ishni boshidan boshlamaslik imkoniyatini beradi”.
Yevro—2016 da Italiya terma jamoasi chorak finalga qadar yetib borib, penaltilar seriyasiga ko‘ra Germaniyadan yengilgandi. Jampyero Ventura “moviy gvardiyachilar”ni 2018-yilgi Jahon Chempionatiga tayyorlaydi.
Izoh (0)