“Morton” havo sharida Yer yuzi bo‘ylab safarini davom ettirayotgan rossiyalik sayohatchi Fyodor Konyuxov 19-iyul, seshanba kuni Janubiy Amerikani kesib o‘tdi va Atlantika okeani uzra parvozini boshladi. Bu haqda sayohatchining o‘g‘li Oskar Konyuxov “TASS” agentligi bilan telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatida ma’lum qildi.
“Fyodor sakkizinchi kun parvoz qilmoqda va yo‘nalishning yarmini bosib o‘tdi. So‘nggi bir sutkada u Tinch okeani uzra parvoz qildi, Chili, Argentina, Urugvay ustidan hamda Braziliyaning eng janubiy qismidan uchib o‘tdi. Hozir u yana suv ustida – Atlantika okeani uzra parvoz qilyapti”, – dedi sayohatchining o‘g‘li.
Oskar Konyuxov, shuningdek, uning otasi Tinch okeani uzra bir o‘zi havo sharida parvoz qilgan ikkinchi insonga aylanganini ta’kidladi. Avvalroq bu ishni amerikalik Stiv Fossettgina amalga oshirgandi.
Eslatib o‘tamiz, Konyuxov 12-iyul kuni Avstraliyaning Nortxem shaharchasidagi aerodromdan o‘z parvozini boshlagan edi. Havo shari g‘arbdan sharqqa qarab harakatlanadi va sayohatchi Avstraliya, Tinch okeani, Janubiy Amerika, Atlantika okeani, JAR, Hind okeanini kesib o‘tadi va yana Avstraliyaga qo‘nadi. Parvoz 5—10 kilometr balandlikda bo‘lib o‘tmoqda. Sayohat ikki hafta atrofida davom etishi va 33—35 ming kilometr masofa ortda qoldirilishi ko‘zda tutilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)