O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 21-sentabrda “Simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslarini to‘plash va ularni utilizatsiya qilishni tashkil etish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilinib, unga muvofiq o‘tgan davrda ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni to‘plash va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha tizimning yaratilishi ta’minlandi. Joriy yilning 28-iyunida mazkur qarorga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi ishlatib bo‘lingan yoki foydalanish uchun yaroqsiz simobli lampalarni to‘plash, utilizatsiya qilishni tashkil etish, shuningdek, atrof-muhitni simob bilan ifloslanishdan muhofaza qilish ishlarini takomillashtirish imkonini yaratdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Yangi tartibga muvofiq, lyuminessent lampalarni qayta ishlashga topshirgan aholi uchun chegirma miqdori 5 foizdan 10 foizga qadar oshirildi. Ya’ni, ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni (ishlab chiqaruvchi korxonadan qat’i nazar) qaytargan odam mamlakatda ishlab chiqarilgan energiyani tejaydigan yangi lampani 10 foiz pastroq narxda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu paytga qadar bu turdagi chiqindilarni to‘plashda maxsus idishlardan foydalanilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayonda lampalarni shikastlamaydigan va ulardagi simobli moddalarning havoga chiqishi, suv manbalari, tuproq va oziq-ovqat mahsulotlariga tushishining oldini oluvchi maxsus o‘rnatilgan konteynerlardan foydalanish tartibi joriy qilindi.
Simobli lampalarni aholiga savdo shoxobchalari, shuningdek, firma do‘konlari, ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchi korxonalarning vakolatxonalarida sotadigan tadbirkorlik subyektlari simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslarini qabul qilib olishga majbur.
Yana bir o‘zgartirish simobli chiqindilarni tashishga taalluqlidir. Xususan, maishiy chiqindilarni to‘plash punktlarida yig‘ilgan simobli lampalarni utilizatsiya qilish tashkilotlarigacha transportda yetkazib berish bilan ixtisoslashtirilgan sanitariya-tozalash tashkilotlari hamda obodonlashtirish boshqarmalari shug‘ullanishi belgilandi. Shu paytga qadar bu vazifa “Maxsustrans” ishlab chiqarish birlashmasiga biriktirilgan edi.
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasiga energiyani tejaydigan lampalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar va mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda aholidan ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni qabul qilib olish va utilizatsiya qilish tashkilotlariga berish uchun energiyani tejaydigan lampalarni turg‘un savdo shoxobchalari orqali sotuvchi savdo obyektlarini joylashtirish vazifasi yuklatildi.
Izoh (0)