Joriy yilning 13-iyulidan O‘zbekistonning barcha hududlarida “Ijtimoiy sheriklik: tinchlik, totuvlik, farovonlik va barqaror rivojlanish kafolati” mavzusidagi seminar-treninglar tashkil etilishi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyalari, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA), O‘zNNTMA huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi, O‘zbekiston ekologik harakati, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hududdagi dolzarb ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyalari, NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga metodik yordam ko‘rsatishdan iborat.
O‘tgan haftada mazkur tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (13-iyul), Xorazm, Namangan (14-iyul), Buxoro, Navoiy hamda Farg‘ona viloyatlarida (15-iyul) o‘tkazildi. Bu hafta esa seminar-treninglar Surxondaryo, Qashqadaryo (18-iyul), Samarqand, Toshkent (19-iyul) va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahri (20-iyul) va Sirdaryo viloyatida (21-iyul) o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)