Finlyandiyaning Salla shahrida Rossiya bilan chegarada migrantlar tomonidan qoldirib ketilgan barcha avtomobillar ikki kun davom etgan kimoshdi savdosida sotildi. Kimoshdi savdosidan 23 ming yevro ishlab olindi. Bu haqda “TASS” agentligiga tayanib, TJournal xabar bermoqda.
Kimoshdi savdosiga Finlyandiya fuqarolaridan tashqari boshqa mamlakat vakillari, xususan, estoniyaliklar tashrif buyurdi. Rossiyaning “ekzotik” hisoblangan “Lada” va “Volga” avtomobillariga talab katta bo‘ldi. Salla shahri ma’muriyati esdalik uchun “Volga”lardan birini 1200 yevroga xarid qildi. Yana bir shunday avtomobilni xaridor 800 yevroga sotib oldi.
Chet el avtomobillari esa o‘ta arzon, ramziy narxda sotildi. Masalan, Opel rusumli mashina 1 yevroga sotib yuborildi. Finlyandiyaning Tornio shahri fuqarosi 11 ta mashinani 68 yevroga qo‘lga kiritdi. Buning evaziga u kimoshdi savdosining boshqa ishtirokchilaridan yana 7 ta avtomobilni qabul qilib oldi. Ularga mashinaning faqatgina ba’zi detallari kerak bo‘ldi.
Avtomobil egalari 24 foiz miqdorda soliq hamda 10 foiz boj to‘lashi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)