Braziliyaning sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 2018-yil mamlakatda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida nomzodlar orasida shuhrat qozonish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Bu haqda, Datafolha sotsiologik markazining ma’lumotlariga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
O‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, agar saylov yaqin kunlarda bo‘lib o‘tganida, Lula da Silva nomzodini 22 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlar edi. Uning taxminiy raqiblari kamroq ovoz to‘plagan bo‘lardi. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, muxolifatchilar partiyasi yetakchisi Marina Silvaga 17 foiz, “Braziliya sotsial-demokratik partiyasi” raisi Aesiu Nevesga 14 foiz, amaldagi Tashqi ishlar vaziri Joze Serrani 11 foiz, Braziliya prezidenti vazifasini bajaruvchi Mishel Temerga esa 5 foiz braziliyaliklar ovoz bergan bo‘lardi.
Datafolha markazining ma’lumotlariga ko‘ra, saylovning ikkinchi turida Lula da Silva familiyadoshi Marina Silva yoki tashqi ishlar vaziriga imkoniyatni boy berishi mumkin. So‘rovnoma markaz tomonidan 14–15-iyul kunlari o‘tkazildi. Uning nuqsoni 2 foizni tashkil qiladi.
Braziliya hokimiyatini 2003–2011-yillar davomida boshqarib borgan 70 yoshli Lula da Silva 2018-yilda bo‘lib o‘tadigan saylovda “Mehnatkashlar partiyasi”dan prezidentlik uchun nomzodlardan biri bo‘lishi mumkin. Avvalroq u saylovda ishtirok etishi mumkinligini bildirgan, ammo bu borada qaror qabul qilmaganini aytib o‘tgandi.
Izoh (0)