Koreya Respublikasining Ugandadagi elchixonasi qurolli to‘qnashuvlar alangasida qolib ketgan Janubiy Sudandagi o‘z fuqarolarini evakuatsiya qila boshladi. Bu haqda 14-iyul, payshanba kuni tashkil etilgan brifingda mamlakat tashqi ishlar vazirligi vakili Cho Chjun Xek ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Uning ma’lum qilishicha, ayni paytda Janubiy Sudanda 32 nafar koreyalik fuqaro bo‘lib, ularning ko‘pchiligi qolish niyatini izhor etgan. 13-iyul kuni to‘rt kishi mamlakatni tark etib ulgurgan edi.
“Fuqarolarimizning uch nafari Janubiy Sudan poytaxti, asosiy to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan Jubadan 400 kilometr narida yashaydi. Ular evakuatsiya so‘rab murojaat qildi”, — dedi TIV vakili.
Janubiy Koreyaning ushbu mamlakatdagi fuqarolarining aksariyati BMT nazorati ostidagi tashkilotlar ishchilari yoki protestant missionerlaridir.
Janubiy Koreya hukumati 2013-yildayoq fuqarolariga ushbu mamlakatni tark etishni tavsiya qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Jubadagi tartibsizliklar 8-iyul, juma kuni mamlakat prezidenti Salva Kiir tarafdorlari va Riyek Masharni qo‘llab-quvvatlovchi sobiq isyonchilar o‘rtasida kelib chiqqan edi.
Ilgariroq Hindiston Janubiy Sudandagi 500 fuqarosini zudlik bilan evakuatsiya qilishi ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)