NASA mutaxassislari Marsda yuqoridan qaraganda Morze alifbosi belgilarini eslatuvchi qora qumtepalari mavjudligini aniqladi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Qumtepalarning suratlari Mars Reconnaissance Orbiter kosmik qurilmasi bortiga kameralari o‘rnatilgan HiRISE saytiga joylashtirilgan.
Odatda qumtepalarning shakliga qarab shamollar yo‘nalishini aniqlash mumkinligi ta’kidlanmoqda. Biroq mazkur holatda hosil bo‘lgan qumtepalarning shakli juda murakkab. Qumtepalar aylana shakl atrofida joylashgan. Bu meteorit zarbi natijasida yuzaga kelgan krater bo‘lishi mumkin. Krater qiyaliklarining shamol yo‘nalishiga ta’sir qilishi vaqt o‘tishi bilan nuqta va tire shaklidagi qumtepalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar bu kabi shakllarning yuzaga kelish mexanizmini hozircha tushuntirib bera olmaydi. “Tire” shaklidagi qumtepalar turli yo‘nalishdagi shamollar, “nuqta” shaklidagi qumtepalar esa bu jarayon turli sabablarga ko‘ra to‘xtab qolganda yuzaga keladi deb hisoblanadi.
Izoh (0)