Hindistonning Rojasthon shtatida yuz bergan ikki yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida 24 kishi qurbon bo‘ldi, yana 55 kishi jarohat oldi. Bu haqda, Doordarshan telekanali ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Birinchi hodisa Bandora shahrining Bxilvara okrugida 7-iyul, payshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. 50 dan ortiq kishini olib ketayotgan tirkamali traktor past-baland yo‘lda shag‘al ortilgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Oqibatda 13 kishi halok bo‘ldi, 40 kishi jabrlandi.
Ikkinchi yo‘l-transport hodisasi 7-iyul kuni tongda Siroxi okrugida yuz berdi. U yerda yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan avtobus ag‘darilib ketdi. Hodisa oqibatida 11 kishi qurbon bo‘ldi, 15 kishi jabrlandi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, Hindistonda har kuni avariyalar oqibatida yo‘llarda 400 kishi halok bo‘ladi, yiliga esa 150 mingga yaqin kishi YTH qurboniga aylanadi.