Yuzga yaqin olmaotalik ishqiboz Qozog‘istonda yaratilgan birinchi elektromobilni sinovdan o‘tkazdi. “Aziya Avto” zavodida terilgan KIA Soul EV elektrik krossoveri 100 kilometr yo‘l bosishi uchun uni 170 tengega quvvatlantirish kifoya, deb ma’lum qiladi “BNews.kz”.
KIA Soul EV 27 kVT/soatlik litiy-ionli batareya bilan jihozlangan. Avtomobil qo‘shimcha quvvat olmasdan 200 kilometr yo‘l bosishi mumkin. Soul EV 110 ot kuchiga ega elektr motor bilan harakatga keltiriladi. Uning maksimal tezligi 145 kilometr/soatni tashkil etadi. Batareyani ob-havoga qarab qizdirish yoki sovutish vazifasini bajaradigan termonazorat tizimi tufayli Soul har qanday iqlimda ham birday yuradi.
KIA Soul EV’ning birinchi partiyasi Ostona va Sharqiy Qozog‘istonning trassalarida minus 30 darajali havoda sinovdan o‘tkazildi.
Avtomobil batareyasini maishiy tarmoqdan to‘liq quvvatlantirish 14–18 soat vaqt oladi. Energiya sarfi o‘rtacha 2 kVt/soatni tashkil etadi.
CHAdeMO standartidagi quvvatlantirish uskunasi yordamida elektromobil batareyani 15–30 daqiqada 80 foizgacha quvvatlantira oladi. 100 kilometrga yetadigan miqdorda quvvat olish uchun 170 tenge sarflanadi.
Qozog‘istonning ilk elektr avtomobili 2016-yilning 29-iyunida mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyevga namoyish etilgandi.
Izoh (0)