Turkiya ichki ishlar vaziri Efkan Ala Istanbul shahridagi Otaturk nomli xalqaro aeroportda sodir etilgan terakt qurbonlari soni 43 kishiga yetganini ma’lum qildi. Bu haqda, Hurriyet nashriga asoslanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
Ilgariroq 41 kishi halok bo‘lgani bildirilgandi. 29-iyun, chorshanba kechasi Ukraina fuqarosi bo‘lgan ayol Istanbuldagi shifoxonalardan birida hayotdan ko‘z yumdi.
Halok bo‘lganlarning 19 nafari chet el fuqarosi ekanligi aytilmoqda.
Vazir, shuningdek, terrorchilardan birining shaxsi aniqlangani hamda uning IShIDga aloqadorligi borasida ma’lumotlar qo‘lga kiritilganini qayd qilib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Istanbul shahridagi Otaturk nomli xalqaro aeroportda sodir etilgan terakt oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi borligi haqida xabar berilgandi. Jarohatlanganlar soni 147 kishini tashkil qilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov teraktlar munosabati bilan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga hamdardlik bildirdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)