O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29-iyun kuni Oqsaroyda Polsha Respublikasi, Vengriya Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Koreya Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Petr Ivashkevich, Peter Santo, Yerik Utembayev, Sodiq Imomiy, Kvon Yon U, Sayid Shahobiddin Temuriydan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat rahbari Yevropa va Osiyo diplomatik missiyalari rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi va ularning mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Polsha elchisi bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 24 yil davomida ko‘p qirrali va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ijobiy tajriba to‘plangani va hamkorlikning qariyb 50 hujjatdan iborat salmoqli shartnomaviy-huquqiy asosi shakllangani ta’kidlandi.
Petr Ivashkevich O‘zbekiston xalqi polshaliklar qalbidan alohida joy olganini ta’kidladi. Polshada Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonga kelib qolgan fuqarolarga ko‘rsatilgan yordam yuksak qadrlanadi va bu o‘zaro munosabatlarga alohida samimiyat bag‘ishlaydi.
Vengriya elchisi bilan suhbatda Vengriyaga O‘zbekistonning Sharqiy Yevropa va umuman Yevropa ittifoqidagi an’anaviy va muhim sherigi sifatida qaralishi qayd etildi.
Oliy maqom va yuqori darajadagi tashriflar doirasida ikki tomonlama munosabatlarga mustahkam asos yaratilgan va kelajakdagi o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilangan.
Vengriyaning qarorgohi Toshkentda bo‘lgan birinchi elchisi sifatida faoliyat boshlagan Peter Santo turli sohalarda O‘zbekiston – Vengriya hamkorligining mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarishga salmoqli hissa qo‘shishni O‘zbekistondagi missiyasining asosiy yo‘nalishi deb bilishini ta’kidladi.
Erik Utembayev bilan suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 25 yil davomida mamlakatlar va xalqlarning uzoq muddatli umumiy manfaatlariga asoslangan hamkorlikning yangi darajasiga erishilgani ta’kidlandi.
2016-yilning 14–15-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Qozog‘iston muzokaralari o‘zaro aloqalarda muhim o‘rin egallab, keng ko‘lamli masalalar, jumladan, mintaqaviy muammolar hamda o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish imkonini berdi. 2015-yilda o‘zaro savdo hajmi 3 milliard AQSh dollaridan oshdi, transport, kommunikatsiyalar va tranzit sohasida o‘zaro hamkorlikning ijobiy tendensiyalari kuzatilmoqda.
Qozog‘iston elchisi o‘zaro manfaatli munosabatlar bo‘yicha to‘plangan tajribani asrash va boyitish, har ikki davlat va xalq manfaati uchun amaliy vazifalarni hal etishga ko‘maklashish O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi diqqat markazida bo‘lishini ta’kidladi.
Tojikiston elchisi bilan uchrashuvda o‘zbek va tojik xalqlarining taqdirini umumiy tarix, ma’naviy qadriyat va an’analar bog‘lab turishi ta’kidlandi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti asnosida O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv hamda unda erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Sodiq Imomiy yangi tayinlangan elchi sifatida o‘zaro hamkorlikni izchil mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Koreya Respublikasi elchisi bilan suhbatda Janubiy Koreyaning Bosh vaziri Xvan Gyo Anning yaqinda O‘zbekistonga kelgani va 21-may kuni keng ko‘lamli qo‘shma loyiha — Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlangani va uning rasmiy ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosim mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘lgani ta’kidlandi.
Elchi Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga hurmat-ehtiromini yetkazar ekan, Janubiy Koreya rahbariyati O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni bundan buyon ham yanada mustahkamlab, yangi mazmun bilan boyitishga tayyor ekanini, ushbu maqsadlarga erishish uchun butun kuch-g‘ayratini ishga solishini ta’kidladi.
Afg‘oniston elchisi bilan uchrashuvda ko‘p asrlik yaqin qo‘shnichilik va bir-biriga yordam berish an’analari O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkam asosi ekani qayd etildi.
O‘zbekiston Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklashda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston mutaxassislari ishtirokida Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan bog‘laydigan yagona Termiz – Mozori Sharif temir yo‘l tarmog‘i barpo qilindi, boshqa infratuzilma loyihalari ham hayotga tatbiq etilmoqda. Afg‘onistonga, jumladan, Kobul shahriga elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilmoqda.
Sayid Shahobiddin Temuriy Afg‘oniston xalqi O‘zbekistonning Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklashga amaliy yordam ko‘rsatayotganidan chuqur minnatdor ekanini ta’kidladi.
Prezidentning xorijiy davlatlar elchilari bilan suhbati chog‘ida mintaqaviy va xalqaro siyosatga doir dolzarb masalalar ham muhokama etildi.
Izoh (0)